Tibbiyot sohasida oʻqiyotgan va ishlayotgan bir nechta tanishlarim bor. Oʻzbekistonda tibbiyot xodimi boʻlib ishlash havas qilarli darajada emasligini nolib qolishadi. Bu toʻgʻri.
Tibbiyot xodimlarining ijtimoiy va huquqiy himoyasi juda kuchsiz: oyligini yuqori deb boʻlmaydi, koʻpchilikda aksariyat shifokorlar chalasavod degan taassurot shakllangan, ularni haqoratlashadi, tez-tez kaltaklab ham turishadi.
Tibbiyot sohasini chindan yoqtiradigan tanishlarim biror xorijiy davlatga chiqib, oʻsha yerda tibbiyot boʻyicha oʻqib, oʻsha yerda ishlashni juda xohlaydi – oylik yuqori, munosabat ijobiy.
Lekin afsuski, tibbiyot – taʼlimda eng kam grant ajratiladigan va ishga olinishda talablari eng yuqori boʻlgan sohalardan biri. Shu sababli ham, xorijda tibbiyot sohasida oʻqish va ishlash oson emas.
Aytaylik, aksariyat davlatlar tibbiyot xodimlaridan mahalliy tilni bilishni talab qiladi. Ingliz tili davlat tili boʻlsa, yaxshi – koʻpchilikning ingliz tilidan xabari bor va bu tilni oʻrganish ham juda qiyin emas. Lekin ingliz tili davlat tili boʻlmagan davlatlarda qiyin.
Masalan, Daniyada tibbiyot xodimlariga talab juda yuqori, lekin tibbiyot sohasiga ishga kirish uchun dat tilidan imtihon topshirib, kerakli natijani qayd etish kerak.
Garchi Daniyada deyarli hamma ingliz tilida muloqot qila olsa-da, shifokor mahalliy aholi tilini bilishi shart. Chunki joni ogʻrib turgan kishi qaysidir soʻz yoki jumlani ingliz tilida eslab oʻtira olmaydi.
Taʼkidlash joizki, Daniyada shifokorlar daromadi anchagina yuqori – shifokorning bir yillik oʻrtacha maoshi 1 million 255 ming 733 kronani (taxminan 186 ming AQSH dollari) tashkil etadi.
Bundan tashqari, Daniyada tibbiyot xodimlariga hurmat ham yuqori. Men, shunchaki, bitta davlatni misol keltirdim. Tibbiyot xodimlari uchun sharoit juda yaxshi boʻlgan davlatlar koʻp.
Tibbiyot xodimlarining ijtimoiy va iqtisodiy taʼminoti havas qilarli darajada boʻlmaganidan keyin davlat tibbiy muassasalaridagi xizmatlar sifati ham yuqori boʻlmaydi, albatta. Xususiy tibbiy muassasalarda xizmat sifati nisbatan yuqoriroq, chunki ularning xizmat haqi qimmat, xodimlar maoshi yuqoriroq. Shunday boʻlgach, yaxshi shifokor xususiy tibbiy muassasalarga ketib qoladi (agar hali xorijga chiqib ketmagan boʻlsa). Natijada davlat tibbiy muassasalaridagi sifat darajasi tushadi.
Qani edi, bizning shifokorlar ham koronavirusga oʻxshash kasalliklarga qarshi isiriq yuborish bilan emas, unga daʼvo boʻluvchi vaksina ishlab chiqish ustida ishlash orqali kurashishsa.
Kanalga ulanish👇👇