#taqriz #kitob
Zamyatin, Biz va Matematik baxt
Doimo antiutopiyani "mazza qilib o'qidim" deb aytadiganlarni eshitsam, g'alati bo'laman. Chunki bu janrni o'qiganlar (tushunib, albatta) asarning munosibligini ta'riflash uchun hech ham bu jumlani ishlatmagan bo'lishadi.
D-503 raqamli inson (ular o'zlarini "numer" deb atashadi) va u yashaydigan Yagona Davlat haqida hikoya qiluvchi asarni mutolaasidan so'ng, ko'pgina o'ylar qurshovida qoldim. Zamyatinlashdim. Uning tafakkur olamini tushunishga, qanday qilib mutlaq baxt va mutlaq ideal jamiyatda yashay olmasligimizni o'yladim. Asar so'nggida esa bunga javob topgandek bo'ldim
Tasavvur qiling, siz oynali uyda yashaysiz. Mutlaq akvarium. Qolganlarning uyi ham shunday. Barcha bir vaqtda ishga boradi, qaytadi. bir vaqtda uxlaydi. Kunida faqat ikki soatgina Shaxsiy Soatingiz bor. Turmush qurish va bola ko'rish taqiqlangan. Shu yerda jinsiy munosabatlar masalasIda Oruell, Xaksli va Zamyatinni taqqoslab ketadigan bo'lsak, Oruellning Uinstoni uchun ayollar bilan yaqin munosabatlar doimo ta'qib ostida bo'lsa-da, uylanish taqiqlanmagan edi. Xakslida esa bu borada o'ta erkin tanlov ilgari surilgan. Zamyatin "Biz"ida esa jinsiy munosabatlar uchun maxsus Byurodan oldindan tanlab berilgan numer nomiga pushti talon olingan holdagina qovushish mumkin. Va bu jarayon akvariumda pardalarni tushurib qo'yish rasman mumkin bo'lgan yagona holat edi. Umuman olganda, barcha antiutopiyalarda bu kabi munosabatlar doimo nazorat ostida bo'lgan.
Yuqoridagi iqtiboslarni o'qigandan keyin tushungan bo'lsangiz kerakki, Yagona Davlat o'zlarini inson komilligining cho'qqisi deya e'lon qilishadi. Matematika va fizika eng yuqori darajaga olib chiqiladi. Insoniyatni aniqlik va matematika qonunlari baxtli qila oladi deya hisoblashadi.
Yagona Davlat tuzumi bo'yicha aslida - avtoritar. Ya'ni uni yagona rahbar — Valine'mat boshqaradi. Mamlakatda har yili o'tkaziladigan saylov kuni bor. U 10 daqiqalik Sukunat davri bilan boshlanadi va bir ovozdan Valine'matni qayta saylash bilan tugaydi. Unga va tuzumga qarshi chiquvchilarni esa Qo'riqlovchilar Byurosi ta'qib qiladi, bir paytlar nasistlarda bo'lganidek Gaz kamerasida qiynashadi va oxirida Valine'mat Mashinasi esa yo'q qiladi. Bularning bari odamlar manfaati uchun, ularning baxti uchun qilinadi deya oqlanadi.
Asardagi voqealarni biz D-503 qo'lyozmalari orqali bilamiz, unda I-133 nomli jasur va isyonkor ayol, 0-90 nomli qonunga xilof bo'lsa-da, bola ko'rishga urinayotgan ayolni uchratamiz. I-133 bular hammasi aslida cho'pchak ekani, odamlar bu taxlit yashamasligi lozimligi, Yagona Davlat yaratgan Yashil Devor ortida ham boshqa insonlar yashab qolganini ta'kidlaydi.
Esingizda bo'lsa, Oruell "Hayvonlar fermasi"da hayvonlar shamol tegirmoni qurishdek o'ta ulkan, balandparvoz va amalga oshishi utopik bo'lgan maqsad uchun kurashsa, "Biz"da numerlar numeri Valine'mat hammani ulkan havo kemasi yulduzlararo "Integral" yaratishga jalb qilgan. Undan maqsad boshqa sayyoradi yovvoyilarga numerlar erishgan yutuqlarni yetkazishdan iboratdir. “Agar biz ularga matematik jihatdan benuqson baxt keltirayotganimizni tushunmasalar, u holda bizning burchimiz — ularni baxtli bo’lishga majbur qilishdir.” deyiladi kitobda. Nahot rostan shundaymi? Biz kimnidir majburlab baxtli qila olamizmi?
Shuni tushunish lozimki, inson hech qachon mukammal bo'la olmaydi, mutlaq komil bo'la olmagani kabi komil jamiyat qura olmaydi ham. Mutlaq komillikka erishish Xudoga ham xush kelmaydi. Ko'rinishimiz, boshqa ko'plab jihatlarimizdan bir-birimizga o'xshashimiz rost. Ammo aslo bir xil emasmiz. Bu borada numerlar adashadilar. Biz Olloh tarafidan ichki dunyomiz turlicha qilib yaratilganmiz.
Zamyatinning "Biz" antiutopiyasi — insonning mutlaq tenglikka urinishlari, aslida o'zini-o'zi aldashdan boshqa narsa emasligi, bu kabi g'oya hayotda Sobiq Ittifoq misolida barbod bo'lganini isbotlaydi.
P.s: Nasib qilsa, kitob yaqin oylar ichida o'zbek tilida chiqadi. Bu bo'yicha ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Agar men kabi rus tilida o'quvchilar bo'lsa, kitob mana shu yerda.