Yaqinda yoqimsiz holat yuz berdi: telefonim buzilib, ichidagi hamma maʼlumot va ilovalar oʻchib ketdi. 21-asrdagi eng ayanchli koʻngilsizliklardan biri.
Kulfat kelsa, qoʻsha-qoʻsha keladi, deydi dono xalqimiz. Zap bilib aytadi bu xalq. Telefonimdagi maʼlumotlar oʻchib ketishi ortidan navbatdagi hangoma boshlandi.
Shoshmasdan soʻzlay: Mobiuz raqamim bor (sobiq UMS) . Yevropaga oʻzim bilan koʻtarib kelganman. Yevropada ishlatmasam-da, raqamni oʻzimda saqlab qolish uchun har oy maʼlum summa tashlab qoʻyaman. Hisobida pul boʻlsa, qancha vaqt ishlatilmasa ham raqam oʻchib ketmaydi. Sodiq mijoz boʻlsa, men-cha boʻlar. Nima dedingiz?
Oʻchib ketgan ilovalarim orasida Milliy bankdan olgan viza va soʻm kartamdagi mablagʻlarni boshqarishga moʻljallangan “Milliy” ilovasi ham bor edi. Yangi telefonga ilovani qaytadan yuklab, kirmoqchi boʻlsam, tabiiyki avtorizatsiya uchun ilovaga ulangan raqamga kod yuborishadi. Bu raqam esa oʻsha Mobiuz raqamim.
Dastlab muammoni Milliy bank orqali hal qilmoqchi boʻldim. Ular bilan bogʻlandim, ilovaga kirishning unga ulangan telefon raqamiga kod yuborishdan boshqa yoʻli ham bormi, deb soʻradim. Ular bundan boshqa yoʻli yoʻq, bu hisob raqam xavfsizligi uchun majburiy jarayon deyishdi. Xavfsizlik – muhim, buni normal qabul qildim.
Ilovaga ulangan raqamni Oʻzbekistonga qaytmasdan oʻzgartira olishim mumkin-mumkin emasligini soʻradim. Ular esa ilovaga ulangan karta raqami oʻzgartirilgani bilan kod baribir SMS xizmat ulangan raqamga boradi deyishdi. Bu raqam – yana Mobiuz raqamim. Kartamning SMS xizmatini boshqa raqamga ulash uchun Oʻzbekistonga borib, birorta bankomatdan foydalanishim kerak ekan. Bu variantni esdan chiqardim.
Keyin Mobiuz bilan ukam orqali bogʻlandim. Yevropadagi mijoz oʻz raqami uchun rouming xizmatini qanday yoqtirsa boʻladi deb soʻraldi ulardan (rouming yonsa, SMS Yevropaga ham keladi). Ularni javobi qoniqarsiz boʻldi: Bu uchun Yevropadagi mijoz pasporti va sim kartasi bilan Oʻzbekistondagi Mobiuz ofisiga kelishi kerak. Bundan boshqa imkoni yoʻq.
Ajoyib! “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” deb nomlangan 2020-yilda raqamimda rouming xizmatini yoqtirish uchun kamida 800 AQSH dollari xarajat qilib, Oʻzbekistonga borib kelishim kerak ekan.
“Nahotki, pulini toʻlab, dunyoning istalgan yeridan turib roumingni yoqish mumkin qilib qoʻyish imkoniyati boʻlmasa?” deb tun-u kun gʻam chekdim. Afsuski, shunday. Bu muammo faqat Oʻzbekistonda emas, dunyoning boshqa davlatlaridagi ayrim mobil operatorlarida ham bor ekan – juda paspotringni olib kel, deyishmas ekan-ku, lekin nomer ishlaydigan hududga qaytish kerak ekan.
Muammoga yechim topishni ham bopladim: SIM kartamni pochtadan Oʻzbekistonga yubordim. Endi birortaning telefoniga qoʻyib turamiz. Sloveniyadan turib “Milliy” ilovasiga kiraman. Kod Oʻzbekistonga boradi. Oʻzbekistondagi kishi telegramdan menga yuboradi. Men kodni kiritib, ilovaga kirib olaman. Olam – guliston!
Lekin alam qildi – 21-asrda yashab, shuni onlayn hal qilolmasak. Uyat, uyat!
1984-yilda chiqqan “Terminator” filmida 2020-yillarda davlatlar koʻrinishi odamdan mutlaqo farq qilmaydigan robotlar (Terminator shulardan biri) ishlab chiqib, ulardan har maqsadda foydalanayotgan boʻladi. Aslida esa 2020-yillarning boshiga kelib rouming xizmatini yoqish uchun boshqa davlatdan oʻz davlatimizga pasportimizni qoʻltiqlab borib kelishimizni talab qilib oʻtirishibdi. Eh, yolgʻonchi filmlar😢
Kanalga ulanish👇👇